Joriy yilning 9-sentyabr kuni “Toshkent” savdo markazida ilk bora to’qimachilik sanoati brendlarini o’z ichiga qamrab olgan Turkiston tayyor kiyim-kechak savdo majmuasining ochilish marosimi bo’lib o’tdi.

Marosimda “O’zto’qimachiliksanoat” uyushmasi rahbariyati, Buyuk Britaniya va Ukrainadan tashrif buyurgan chet ellik hamkorlar, Respublika savdo-sanoat vakillari, milliy to’qimachilik brend asoschilari, korxona vakillari va shahrimiz mehmonlari ishtirok etishdi.

Bu majmua O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-dekabrdagi “To’qimachilik va to’quv-trikotaj sohasini yanada jadallashtirish”ga oid 5285-sonli qarori ijrosida asosan milliy brendlarni qo’llab-quvvatlash, ichki bozorda ularning mavqeini oshirish va jahon bozorlariga sifatli mahsulotlarni yetkazib berish maqsadida tashkil etildi.

Tadbir ochilishida so’zga chiqqanlar to’qimachilik brendlarimiz tomonidan yaratilayotgan liboslar jahon bozorida ham o’z o’rnini egallayotganligini, sifati va dizayni jihatdan hech bir nomdor brendlardan qolishmayotganligi, raqobatbardoshligi, narxi va sifati jihatidan ham iste’molchiga qulayligini aytib o’tishdi.

Majmuada 30 dan ortiq milliy brendlar jamlangan bo’lib, ular ayollar va erkaklar kiyimlari ,bolalar ustki va ichki kiyimlari, poyabzallar va har-xil turdagi aksessuarlarni iste’molchilarga taklif etishadi.

Hozirda yurtimizda UzTex, Samo, D.Maretti, TMT, Bonito,T-Sod va shu kabi ko’plab boshqa brendlar mavjud. Bu majmuada joylashgan brendlar aynan o’zbek modelyer-dizaynerlari tomonidan yaratilgan. Bu kabi savdo majmularning Samarqand, Buxoro, Xiva va Andijon shaharlarida ham ochilishi rejalashtirilgan.